Boshqarma haqida
Boshqarma haqida
Xorazm viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi toʻgʻrisida vaqtinchalik
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–269-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-14-son Farmoni asosida ishlab chiqilgan boʻlib, Xorazm viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda-Bosh boshqarma)ning maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobot berishi tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.
2.Bosh boshqarma:
kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligiga koʻmaklashish, oila va xotin-qizlar, mahallalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlikka koʻmaklashish, tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, strategiya va dasturlarni ishlab chiqish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish, hududlarning salohiyatini aholining kambagʻal qatlami daromadini oshirishga safarbar etish, “mahallabay” ishlash tizimi orqali kambagʻal aholi bilan manzilli ishlash samaradorligini oshirish;
mahallabay ishlash orqali aholini daromadli mehnat bilan band qilish, mahallalarda tadbirkorlikka koʻmaklashish, tadbirkorlikni muhim drayverga aylantirishning yangi yondashuvlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
mehnat bozorini tartibga solish boʻyicha siyosatni amalga oshirish, bandlikni taʼminlash va ishsizlikni kamaytirish instrumentlarini rivojlantirish, munosib mehnat tamoyillarini keng joriy qilish, mehnat munosabatlarini takomillashtirish, mehnat huquqlari, mehnat muhofazasi va xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlash;
jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda maʼnaviy-ahloqiy muhitni yaxshilash, oila va xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash va yordam koʻrsatilishida koʻmaklashish;
mahallalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili toʻlaqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama koʻmaklashish, nuroniylarning ijtimoiy faolligini, ularning jamiyat boshqaruvi, fuqarolar huquqlari taʼminlanishidagi rolini oshirish;
keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirishga qaratilgan siyosatni amalga oshirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalarning faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha vakolatli davlat boshqaruv organi hisoblanadi hamda oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga (keyingi oʻrinlarda-Bandlik vazirligi) boʻysunadi.
3.Bosh boshqarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining buyruqlari va normativ-huquqiy hujjatlariga, Xorazm viloyat hokimiyatining farmoyishi, qarorlari va normativ-huquqiy hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Xorazm viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining tashkiliy tizimi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga hamda tegishliligi boʻyicha Xorazm viloyat hokimiyatiga boʻysunadi va hisobot beradi.
5. Bosh boshqarma, uning tashkiliy tuzilmasiga kiradigan hududiy va idora buysunuvidagi boʻlinmalar yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga va blankalarga, oʻzining mustaqil balansiga, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan xorijiy hisobvaraqlariga ega.
6. Bosh boshqarmaning rasmiy nomi:
а) davlat tilida:
toʻliq nomi — Xorazm viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, qisqartirilgani — Bandlik bosh boshqarmasi;
б) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Main Department of Employment and Poverty Reduction of Khorezm region, qisqartirilgani — General Directorate of Employment;
в) rus tilida:
toʻliq nomi — Главное управление занятости и сокращения бедности Хорезмской области, qisqartirilgani — Главное управление занятости.
7. Bosh boshqarmaning joylashgan joyi (pochta manzili): 220100, Urganch shahri, I.Doʻsov koʻchasi, 2-uy.
2-bob. Bosh boshqarma tizimi
8. Quyidagilar Bosh boshqarma tizimiga kiradi:
Bosh boshqarma apparati;
viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi va uning tuman (shahar) bo‘limlari;
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining viloyat boshqarmasi;
“Ishga marhamat” monomarkazlari;
Kasb-hunarga oʻqitish markazlari;
Tuman (shahar) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari;
Tuman (shahar) mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari.
9. Bosh boshqarma oʻz vazifalari va funksiyalarini bajarishda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
3-bob. Bosh boshqarmaning vazifalari hamda funksiyalari
10.Quyidagilar bosh boshqarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
1) Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini taʼminlashda ishtirok etish;
2) tegishli ravishda Xorazm viloyat va tuman (shaharlar) hokimlari, hududiy prokuratura, ichki ishlar organlari va davlat soliq xizmati rahbarlari tomonidan rahbarlik qilinadigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari (keyingi oʻrinlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari deb ataladi) bilan hamkorlikni amalga oshirish;
3) aholi bandligi, mehnatni muhofaza qilish va mehnat migratsiyasi sohasidagi va ular vakolatiga kiradigan boshqa masalalarga doir qonun hujjatlariga, normativ hujjatlarga rioya etish yuzasidan monitoring va nazorat olib borish;
4) idora boʻysunuvidagi tashkilotlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
5) ishga joylashtirish, oʻqitish va malaka oshirish, malakani baholash xizmatlari uchun davlat buyurtmasini shakllantirish boʻyicha tuman (shahar) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda tahlil qilish;
6) kovorking-markazlar tashkil etish va ularni saqlab turish moliyalashtirilishini tashkil qilish boʻyicha tuman (shahar) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
7) idora boʻysunuvidagi tashkilotlarda moliya nazoratini tashkil etish va amalga oshirish.
1. Bosh boshqarma oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
1) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlaydi hamda unga rahbarlik qiladi;
2) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarining hamda Vazirlik buyruqlarining Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish tuman (shahar) boʻlimlari, idora boʻysunuvidagi tashkilotlar tomonidan bajarilishini tizimli nazorat qiladi;
3) idora boʻysunuvidagi tashkilotlar tomonidan kiritiladigan hujjatlarning sifatli va oʻz vaqtida ishlab chiqilishini, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizasi oʻtkazilishini tashkil etadi;
4) idora boʻysunuvidagi tashkilotlar faoliyatiga rahbarlik qiladi, ularni muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
5) kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligi sohasida xizmatlar koʻrsatish yuzasidan faoliyat olib boruvchi yuridik shaxslar bilan hamkorlik qiladi;
6) idora boʻysunuvidagi tashkilotlarda moliyaviy nazoratni tashkil etadi va amalga oshiradi;
7) Kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash hududiy dasturlari bajarilishi monitoringini olib borish, aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish, ijtimoiy himoya qilish, mehnat munosabatlari va mehnatni muhofaza qilish boʻyicha idora boʻysunuvidagi tashkilotlar hatti-harakatlarini muvofiqlashtiradi;
8) ishga joylashtirish, oʻqitish va malakani baholash xizmatlariga boʻlgan davlat buyurtmasini shakllantirish, moliyalashtirish va amalga oshirish, keyinchalik tegishli ravishda xususiy bandlik agentliklari, ishsizlar va band boʻlmagan aholini oʻqitish markazlari hamda malakani baholash markazlariga haq toʻlash boʻyicha idora boʻysunuvidagi tashkilotlar hatti-harakatlarini muvofiqlashtiradi;
9) idora boʻysunuvidagi tashkilotlarning moddiy-texnik taʼminotini tashkil etadi;
10) idora boʻysunuvidagi tashkilotlar binolari va inshootlaridan joriy foydalanish boʻyicha ishlar monitoringini oʻtkazadi va muvofiqlashtiradi;
11) jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlarni tashkil etadi;
12) operativ, tashkiliy, kadrlar, moliyaviy, ishlab chiqarish va oʻz vakolatiga kiradigan boshqa masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
13) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
4-bob. Bosh boshqarmaning huquqlari va majburiyati
11. Bosh boshqarma oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Bosh boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻlik normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, boshqa hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga belgilangan tartibda kiritish;
kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligiga koʻmaklashish, oila va xotin-qizlar, mahallalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlikka koʻmaklashish, tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
Bosh boshqarma vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlaridan belgilangan tartibda axborot soʻrash va olish;
davlat statistika organlaridan Bosh boshqarma vakolatiga kiradigan masalalarga doir zarur statistik axborotni bepul olish;
tashkilotlarda mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, mehnat xavfsizligi standartlariga, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalarning qoidalari va talablariga rioya etilishini belgilangan tartibda oʻrganish va tekshirish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar, shuningdek, fuqarolik-huquqiy shartnomalar boʻyicha ishlarni bajaruvchi (xizmatlar koʻrsatuvchi) shaxslar sogʻligiga mehnat vazifalarini bajarishi vaqtida yetkazilgan zararlarning boshqa omillarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maxsus tekshirish yoki tekshirishda ishtirok etish;
mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy jazolar berish;
mehnatni muhofaza qilish talablariga javob bermaydigan va xodimlar sogʻligi yoki hayotiga xavf tugʻdiradigan tashkilotlar faoliyatini yoki korxonalar mablagʻlaridan foydalanishni oʻz vakolatlari doirasida va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻxtatish;
Bosh boshqarma va uning idoraviy boʻysunuvidagi tuzilmalar davlat mulkini bir boʻlinmadan boshqa boʻlinmaga bepul foydalanish huquqlari asosida oʻz tashkiliy tuzilmasi doirasida belgilangan tartibda oʻtkazish;
Tizimdagi jamgʻarmalar mablagʻlarini belgilangan tartibda tasarruf etish hamda ulardan maqsadli foydalanish yuzasidan nazoratni taʼminlash ishlarini tashkil etish;
Bosh boshqarma va uning idora boʻysunuvidagi tuzilmalari davlat mol-mulkini begʻaraz foydalanish huquqi asosida bir boʻlinmadan boshqa boʻlinmaga, oʻz tashkiliy tuzilmasi doirasida balansdan balansga belgilangan tartibda oʻtkazish, shtat jadvallarini muvofiqlashtirish, idora boʻysunuvidagi tashkilotlar moliya-xoʻjalik faoliyati balanslari va hisobotlarini koʻrib chiqish;
idora boʻysunuvidagi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash tadbirlarini amalga oshirish;
idora boʻysunuvidagi tashkilotlar tomonidan markazlashgan kapital mablagʻlardan samarali foydalanish yuzasidan nazoratni taʼminlash, Bosh boshqarma tizimidagi obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha istiqbolli dasturlar ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqish;
Bosh boshqarmaning hududiy boʻlinmalariga biriktirilgan binolar, inshootlar va xonalarni realizatsiya qilish yoki buzish toʻgʻrisida qaror qabul qilish xususida Xorazm viloyat hokimiga belgilangan tartibda takliflar kiritish;
idora boʻysunuvidagi xoʻjalik tashkilotlari (davlat unitar korxonalarida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishiladi) tuzilmasini, shtatlar sonini, shu jumladan boshqaruv xodimlarini, mehnatga haq toʻlash fondini, xarajatlar smetasini, avtotransport vositalari limitini belgilash;
Bosh boshqarma, idoraviy tashkilotlar faoliyatining asosiy koʻrsatkichlari boʻyicha ular tomonidan parametrlar bajarilishini hisobga olgan holda ularning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi, hajmi va shartlarini belgilash;
idora boʻysunuvidagi tashkilotlarda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilish, shu jumladan: “Kambagʻallikni qisqartirish, mehnat va oila masalalari ilmiy-tadqiqot instituti” idora boʻysunuvidagi davlat muassasasida ilmiy ishlar bajarish, Bosh boshqarma vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha tadqiqotlar va soʻrovlar oʻtkazish; “Mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi” MCHJda kambagʻallikni qisqartirish, bandlik va mehnat munosabatlari, mahalla, oila va xotin-qizlar sohasiga oid loyihalarni ishlab chiqish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqish, joriy etish va qoʻllab-quvvatlash; band boʻlmagan aholiga xizmat koʻrsatuvchi “Ishga marhamat” monomarkazida hamda Kasb-hunarga oʻqitish markazlarida oʻqitish, malaka oshirish va qayta oʻqitish; Kasbiy kompetensiyalarni baholash markazlarida malakani baholash; “Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazi”da tizim xodimlari malakasini oshirish;
Bosh boshqarma va idora boʻysunuvidagi tashkilotlar tomonidan uchinchi shaxslarga pulli xizmatlar koʻrsatganlik uchun tariflar va ularning hajmlarini belgilash tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilash;
yangi ish oʻrinlari tashkil etgan ish beruvchilarga, shuningdek, aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga mansub shaxslarni, eng avvalo, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini, imkoniyatlari cheklangan shaxslarni, harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslarni ishga joylashtiruvchilarga ijtimoiy ragʻbatlantirish, ish beruvchilarni Vazirlikning faxriy nishonlari, yorliqlari va guvohnomalari bilan taqdirlash, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida eng yaxshi ish beruvchilar toʻgʻrisida materiallar joylashtirilishini tashkil etish choralarini koʻrish;
ish beruvchilar oʻrtasida javobgarlikni oshirishga hamda yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholini ishga joylashtirish boʻyicha samarali faoliyatni kengaytirishga ragʻbatlantirishni kuchaytirishga qaratilgan tanlovlarni belgilangan tartibda oʻtkazish;
belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish, kambagʻallikni qisqartirish, mahalla, oila va xotin-qizlar, mehnat, aholini ish bilan taʼminlash, mehnatni muhofaza qilish va ish beruvchilar fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish sohasida belgilangan tartibda davriy nashrlar taʼsis etish;
binolarga xizmat koʻrsatish, inventar va xoʻjalik asboblarini, avtotransportni, aloqa vositalarini, hisoblash, kompyuter va ofis texnikasini taʼminlab turish va ulardan foydalanish, dasturiy taʼminot xarid qilish, shu jumladan autsorsing shartlari asosida xarid qilish boʻyicha ishlarni bajarish uchun belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
Bosh boshqarma vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilishga ilmiy tashkilotlarni, olimlar va mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish;
mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzgan holda qabul qilingan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hamda boshqa tashkilotlarning buyruqlari va boshqa hujjatlarini bekor qilish toʻgʻrisida belgilangan tartibda koʻrsatmalar kiritish;
Internet jahon axborot tarmogʻida va ijtimoiy tarmoqlarda belgilangan tartibda rasmiy veb-saytlar yaratish;
Hukumat topshirigʻiga binoan xalqaro tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalash hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va xalqaro huquq normalariga muvofiq boshqa davlatlarning vakolatli tashkilotlari bilan kambagʻallikni qisqartirish, mahalla, oila, xotin-qizlar, mehnat, bandlik va mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha shartnomalar tuzish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, davlat soliq xizmati organlarining yozma murojaatlari asosida maxsus vakolatli organlar bilan dastlabki kelishuvsiz tashkiliy-huquqiy shakllaridan qatiy nazar tashkilotlarning bandlik, mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishini rejadan tashqari qisqa muddatli tekshiruvlar oʻtkazish;
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga faoliyati yangi ish oʻrinlari tashkil etishga va aholini ish bilan taʼminlashga qaratilgan korxonalarni tashkil etish;
korrupsiya va boshqa suiisteʼmolliklarning oldini olish va ularga yoʻl qoʻymaslik, xodimning shaxsiy va ishchanlik xususiyatlarini, uning faoliyati samaradorligini muntazam oʻrganish, shuningdek, malakaga va Inspeksiyalar faoliyatining turli yoʻnalishlarida ishlash tajribasiga ega kadrlar zahirasini shakllantirish maqsadida xodimlar rotatsiyasini amalga oshirish;
kam foydalanilayotgan yoki rekonstruksiya yohud kapital taʼmirlashni (qayta jihozlashni) talab qiluvchi mavjud binolar, xonalarni oʻrnatilgan tartibda ijaraga berish;
davlat mulkining boʻsh turgan obyektlarini, tizim tashkilotlarining faoliyat koʻrsatmaydigan binolarini “nol” xarid qiymati boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda realizatsiya qilish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
yuridik shaxslarni taʼsis etish va ularning ishtirokchisi boʻlish;
tizim tashkilotlari reytingini tuzish maqsadida ular faoliyatining samaradorligini oshirish mezonlarini tasdiqlash;
oʻz vakolati doirasida konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, koʻrgazmalar, yarmarkalar oʻtkazish, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan shunga oʻxshash tadbirlarda ishtirok etish;
Bosh boshqarma vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan uslubiy materiallar va tavsiyalar ishlab chiqish;
qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni bajarish boʻyicha Bosh boshqarma hududiy boʻlinmalari va uning idora boʻysunuvidagi tashkilotlari faoliyatini belgilangan tartibda oʻrganish va tekshirish;
Bosh boshqarma hududiy boʻlinmalari va idora boʻysunuvidagi tashkilotlari rahbarlari va vakillari ishtirokida kengashlar oʻtkazish;
Bosh boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi bilan bogʻliq boʻlgan hamda tezkor hal etishni talab qiladigan masalalar yuzasidan Bosh boshqarma hududiy boʻlinmalari va idora boʻysunuvidagi tashkilotlar rahbarlariga belgilangan tartibda topshiriqlar berish;
Bosh boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bilan bogʻliq masalalarga bagʻishlangan konferensiya, forum, seminar va treninglar oʻtkazish, shu jumladan Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi, Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini qoʻllab-quvvatlash hamda himoya qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga oʻtkazish, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, chet davlatlar hukumatlari, davlat organlari va hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlar tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarda ishtirok etish uchun bosh boshqarma va tizim tashkilotlari xodimlarini xorijga yuborish, shuningdek, bosh boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bilan bogʻlik masalalar yuzasidan loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy va milliy ekspertlarni jalb qilish.
Bosh boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
12. Bosh boshqarma davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi shart boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida qabul qilishga haqli.
Bosh boshqarma zarur hollarda boshqa davlat boshqaruvi organlari bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda chop etishga haqli.
13. Bosh boshqarma oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
5-bob. Bosh boshqarma rahbarlarining javobgarligi
14. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshligʻi (keyingi oʻrinlarda Boshliq deb ataladi) Bosh boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
15. Boshliq oʻrinbosarlari:
Bosh boshqarma nazoratidagi tarkibiy boʻlinmalarda Bosh boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
oʻz funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar.
16. Apparatning tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari tegishli tarkibiy boʻlinmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun;
oʻz funksional majburiyatlari sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
6-bob. Bosh boshqarma faoliyatini tashkil etish
17. Bosh boshqarmaga Xorazm viloyat hokimi taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Bosh boshqarma boshligʻi rahbarlik qiladi.
18. Boshliqning Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan uch nafar oʻrinbosari boʻladi.
19. Boshliq boʻlmagan davrda uning vakolatlari— Vazirning buyrugʻiga binoan oʻrinbosar tomonidan amalga oshiriladi.
20. Boshliq:
Bosh boshqarma faoliyatiga yakka boshchilik asosida umumiy rahbarlik qiladi va Bosh boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Bosh boshqarma faoliyatining alohida yoʻnalishlari va uchastkalariga rahbarlik qilish va idora boʻysunuvidagi tashkilotlar faoliyati uchun boshliq oʻrinbosarlari va Bosh boshqarma tizimining boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini va shaxsiy javobgarligi darajasini belgilaydi;
oʻz vakolati doirasida Bosh boshqarma tizimi xodimlari tomonidan ijro etilishi shart boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida markaziy apparat xarajatlar smetasini va shtat jadvalini tasdiqlaydi, Vazirlikning respublika byudjetida turgan idoraviy mansub tashkilotlarining xarajatlar va daromadlar smetalarini roʻyxatdan oʻtkazadi;
tuman (shahar) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlari toʻgʻrisidagi nizomlarni, zaruratga koʻra Bosh boshqarma tizimiga kiradigan idoraviy mansub tashkilotlar ustavlari (nizomlari)ni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
xodimlar, shu jumladan boshqaruv xodimlari, xoʻjalik hisobida boʻlgan idora boʻysunuvidagi tashkilotlar xodimlari sonini umumiy cheklangan shtatlar soniga muvofiq mustaqil belgilaydi, idora boʻysunuvidagi xoʻjalik tashkilotlari (davlat unitar korxonasida Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi bilan kelishiladi) tuzilmasini, shtatlar sonini, shu jumladan boshqaruv xodimlarini, mehnatga haq toʻlash fondini, xarajatlar smetasini, avtotransport vositalari limitini tasdiqlaydi, shuningdek, ularning mol-mulkini tasarruf etadi;
Bosh boshqarma tizimida belgilangan tartibda moliyaviy ishlarni tashkil etadi, idora boʻysunuvidagi tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarni, shuningdek, mazkur sohadagi ilmiy tadqiqotlarni moliyaviy jihatdan taʼminlaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
21. Bosh boshqarma tizimi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va mehnatiga haq toʻlash byudjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Byudjetdan tashqari manbalar mablagʻlari hisobidan hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Izoh: -Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan vazirlik va idoralarning cheklangan soni (tashkiliy tuzilmalari) tasdiqlangunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-son Farmoniga muvofiq qayta tashkil etilgan, tugatilgan, boʻysunuvi oʻzgargan vazirlik va idoralarning:
Xodimlariga 2022-yil 31-dekabrga qadar amalda boʻlgan shtatlarda ish joyi va unga tenglashtirilgan boshqa toʻlovlar hamda kommunal, ijara, xizmat safari va tashkilotlarni saqlash bilan bogʻliq boshqa xarajatlar vaqtinchalik xarajatlar smetasi doirasida amalga oshiriladi.