Yangiliklar
Yangiliklar
2024-07-25
ISTIQBOLLI ISLOHOTLAR IJROSI
TAʼMINLANMOQDA
Mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida aholi bandligini taʼminlash, ehtiyojmand qatlam vakillarini mehnat faoliyatiga jalb etish, ishsiz fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, kambagʻallikni qisqartirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat rahbarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va aholini turmush darajasini oʻrganish maqsadida hududlarga tashriflari chogʻida ham asosiy eʼtibor aholi bandligiga qaratilganligi mazkur masalaning naqadar muhimligini koʻrsatmoqda.
Xorazm viloyati kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasining bir qator chora-tadbirlar dasturlari hamda bu boradagi tegishli vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning oʻtgan 7 oyi davomida Xorazm viloyatida 173,1 ming nafardan ziyod aholi daromadli mehnat bilan taʼminlandi. 81,2 ming nafardan ortiq nafar aholi tadbirkorlikka jalb qilindi. Shundan, 57,7 ming oʻzini oʻzi band qilish hisobiga, 6,2 ming YaTT hisobiga, 3,4 ming yangi korxonalar tashkil etish orqali, 14 ming dehqon xoʻjaliklari hisobiga oʻz biznesini boshladi. Shuningdek, 16,2 mingta kambagʻal oilalarni manzilli qoʻllab-quvvatlash orqali kambagʻallik darajasi 14,1 foizdan 10,9 foizgacha tushirildi. Joriy yil yakunigacha 76,1 ming nafar aholi bandligi taʼminlanishi, 33 ming nafar ishsiz fuqarolar doimiy ishga joylashtirilishi, 4,3 ming nafar aholi jamoat ishlariga jalb qilinishi belgilab qoʻyilgan.
Bugun barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻzlangan maqsad – aholi turmush farovonligini yuksaltirish bilan birga, ular uchun munosib boʻlgan yashash sharoitlarini yaratib berishdir. Albatta, bu jarayonda kafolatlangan mehnatga ega boʻlgan ish oʻrinlari orqali aholi bandligini taʼminlash dolzarb sanaladi. Zamon talabi esa, yuqori malakaga ega boʻlgan kadrlarni yetishtirish boʻlib qolmoqda. Sababi yuksak bilim va koʻnikmaga ega boʻlgan kadrlargina, bugun oʻz soha rivojini taʼminlashi, mamlakatdagi ishlab chiqarish hamda mehnat bozoriga zamonaviy tajribalarni olib kirish orqali raqobatga dosh berishi mumkin.
Joriy yilnng yanvar-iyun oylarida Xorazm viloyatida ish bilan band boʻlmagan 8 ming 950 nafar fuqarolar kasb-hunar hamda tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitildi. Shundan 3 ming 363 nafarini yoshlar, 7 ming 786 nafarini ayollar tashkil qiladi. Shu oʻrinda qayd etish joizki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda ishsiz aholini zamon talabi va ehtiyojidan kelib chiqqan holda kasb-hunarga tayyorlash va oʻqitishga alohida eʼtibor berib kelinmoqda. Xususan, joylarda tashkil etilgan monomarkazlar, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarda hududlar ehtiyojidan kelib chiqqan holda oʻqishlar tashkil etilib, aholimiz oʻzlari qiziqqan sohaning yetuk mutaxassisi boʻlib yetishmoqda.
Shu yilning oʻtgan davri mobaynida Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida viloyat boʻyicha hokim yordamchilari tavsiyanomalariga asosan 10 ming 92 nafar fuqarolarga 210,5 milliard soʻmlik kreditlar ajratildi. Shuningdek, 1 ming 572 nafar fuqarolarga 8 milliard 141 ming soʻmlik subsidiya mablagʻlari ajratildi. Jumladan, “Ayollar daftari” roʻyxatida turgan 1 ming 30 nafar ishsiz opa-singillarimizga 5,4 milliard, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 542 nafar ishsiz yoshlarga 2,6 milliard soʻm miqdorida subsidiya mablagʻlari ajratildi.
Izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar zamirida, avvalo, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, bandligini taʼminlash orqali daromadlarini oshirishdek ezgu tashabbuslar mujassam. Zero, ushbu saʼy-harakatlar natijasida aholi bandligi va daromadlarini oshirishga erishilmoqda. Ayniqsa, yangi korxonalarning tashkil etilishi bir tomonidan eksport koʻlamini oshirishga, ikkinchi tomondan joylarda yangi ish oʻrinlari yaratilishi va aholi bandligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Xorazm viloyatida joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida 156 ming 484 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishiga erishildi. Bularning barchasi soliq hisobotlarida tasdigʻini topgan ish oʻrinlaridir. Rejaga asosan yarim yillikda 138 ming 746 ta yangi ish oʻrni yaratish belgilangan boʻlsa, yanvar-iyun holatiga 113 foiz bilan yakunlashga muvaffaq boʻldik. Shu oʻrinda yaratilgan boʻsh ish oʻrinlarini sohalar kesimida koʻrib chiqish maqsadga muvofiq. Xususan, investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 1 ming 980 ta yangi ish oʻrni yuzaga keldi. Bu boʻyicha yarim yillikka belgilangan reja 1 ming 723 tani tashkil etgan boʻlsa, bu borada 115 foiz natijadorlikka erishildi. Xizmat koʻrsatish sohasida rejaga koʻra 28 ming 329 ta boʻlsa, amalda 54 ming 849 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etilib, 194 foiz koʻrsatgichga ega boʻlindi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligida reja 94 ming 538 ta, qurilish sohasida 5 ming 117 ta boʻsh ish oʻrinlari yaratildi. Yil yakuniga qadar bu borada yana bir qator samarali ishlar amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hayotimizning har bir jabhasida boʻy koʻrsatyapti. Ayniqsa, bandlik, kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadini oshirishga qaratilgan oʻzgarishlarni har bir fuqaro hayotida sezmoqda va his etayotgani ayni haqiqat. Bularning natijasi esa xalqimizning turmush tarzi va dunyoqarishi tubdan oʻzgarayotganida namoyon boʻlmoqda.
Zafar OLLAKULIYEV,
Xorazm viloyati Kambagʻallikni
qisqartirish va bandlik bosh
boshqarmasi boshligʻi.