Саҳифа манзили: 

Танланган матн: 

Xabar

Yangiliklar

Xorazm viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshligʻi Zafar Bahromovich Ollakuliyev tizim xodimlariga murojaat yo‘lladi

error

2024-12-15

 



Xorazm viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshligʻi Zafar Bahromovich Ollakuliyevning tizim xodimlariga murojaati

 

Mamlakatimizda davlat va jamiyat boshqaruvining turli sohalarida korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasida keskin va murosasiz kurash olib borishga jiddiy kirishildi. Shunga qaramay, mazkur illat davlatning ayrim sohalarida uchrayotganligi mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga albatta oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatib kelmoqda. Korrupsiya nafaqat mamlakatga moddiy yoʻqotish olib keladi, balki tadbirkorlik rivojiga, qonun ustuvorligini shakllantirishga toʻsqinlik qiladi, jamiyatda ijtimoiy keskinlikni, bandlik tizimiga ishonchsizlikni keltirib chiqaradi.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Davlat tizimini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasi boʻlgan korrupsiya balosiga qarshi, byurokratiyaning har qanday koʻrinishlariga, odamlarni mensimaslik, mahalliychilik va guruhbozlik illatlariga qarshi barchamiz keskin kurash olib borishimiz kerak”, deya alohida taʼkidlaganlari uning naqadar xavfli illat ekanligini koʻrsatadi. Korrupsiya va poraxoʻrlik jamiyat barqarorligining muhim asosi boʻlgan adolatning yoʻqolishiga olib keladi. Mamlakatimiz mustahkamligi, xalqimiz farovonligi, yurtning rivoji va gullab yashnashini, obod boʻlishini istagan har bir fuqaro pora olish va berish illatidan xalos boʻlishi, bir soʻz bilan aytganda “halollik vaksinasi” bilan emlanishi kerakdir.

 

Bugungi kunda ayrim hokim yordamchilari va tizimda faoliyat yuritayotgan baʼzi nopok xodimlar oʻz manfaatlarini davlat va jamiyat manfaatlaridan ustun qoʻyib, kredit olishda, budjet mablagʻlarining maqsadli taqsimlanishida, afsuski, qonunga zid ishlarga aralashib qolayotganliklarining guvohi boʻlyapmiz. Xalqimiz “Qingʻir ishning qiyigʻi qirq yilda ham chiqadi”, deb bejiz aytmagan. Sodir etilgan har qanday korrupsiyaviy jinoyat albatta, oshkor boʻladi. Shuning uchun, yana bir karra ogohlantirimanki, har qanday jinoyat uchun jazo muqarrar. Buni har bir davlat xizmatchisi vijdonan his qilishi, ota-onasi, farzandlari va akasingillarining gʻururi va shaʼnini koʻz oldiga keltirishlari kerak.

Davlat xizmatchisi – bu oddiy xodim emas, u davlat topshirigʻi va manfaatlari boʻyicha uning nomidan harakat qiluvchi shaxsdir. Shunday ekan, davlat xizmatchisi degan yuksak va sharafli nomga dogʻ tushirmaslik uchun eng avvalo, halol boʻlishimiz, oldimizga qoʻyilgan vazifalarni vijdonan, vatanparvarlik tuygʻusini toʻliq his etgan holda bajarishimiz lozim. Ish faoliyatimizda korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz munosabatda boʻlaylik, xalqimizga halol va sadoqat bilan xizmat qilishni asosiy burchimiz va vazifamiz, deb bilaylik. Faoliyatimizni qaytadan xolis tahlil qilib, vazirlik oldiga qoʻyilgan ustuvor vazifalarni shaxsiy manfaatimizdan ustun qoʻygan holda sidqidildan bajarishga barcha kuch va salohiyatimizni safarbar etaylik.

Davlatimiz rahbari tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi”da belgilab berilgan maqsadlar, shuningdek,kambagʻallikni qisqartirish va bandlik tizimi oldiga qoʻyilgan vazifa va topshiriqlar ijrosini soʻzsiz va ogʻishmay bajarilishini taʼminlaylik.

Korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻlida birlashaylik!

️Murojaatlar uchun ishonch raqami: (62) 224-12-23