Yangiliklar
Yangiliklar
2025-04-19
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zaxidov ayni kunlarda xizmat safari bilan Xorazm viloyatida bo‘lib turibdi.Hududda kasbga o‘qitish, aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar holati joyiga chiqqan holda o‘rganilmoqda.
Dastlabki manzil – Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda barpo etilayotgan Urganch shahar kasb-hunarga o'qitish markazi bo‘ldi. Joriy yilning iyun oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan ushbu obyektdagi qurilish-montaj ishlari ko‘zdan kechirilib, uni tez va sifatli yakunlash yuzasidan mas'ullarga ko’rsatmalar berildi.
Navbatdagi manzil – Xonqa tumanidagi 1 gektar maydonda barpo etilgan issiqxona. Bu yerda zamonaviy texnologiyalar asosida ko‘chat yetishtiriladi. Hozirgacha 60 nafar ishsiz xotin-qizlar gulchilik va koʻchatchilik boʻyicha shu yerning o‘zida oʻqitilib bandligi ta'minlangan. Vazir tadbirkor bilan suhbatda issiqxona faoliyatini kengaytirib, yangi ish o‘rinlarini yaratishda amaliy yordam koʻrsatishga tayyor ekanini ma'lum qildi.
Tashrif davomida mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi sanoat zonasi ham koʻzdan kechirildi. Obyekt ishga tushishi bilan 648 nafar yangi ish oʻrni yaratiladi. B.Zaxidov bu yerda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari va mas'ullar bilan muloqot qildi hamda yechimi kutayotgan masalalar yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Xorazm viloyati Kambag'allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi Axborot xizmati