Yangiliklar
Yangiliklar
2025-11-09
Xorazm viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi rahbariyatiga nisbatan bildirilgan “bosim, zo‘ravonlik va noqonuniy ishdan bo‘shatish holatlari” haqidagi murojaat ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinganligi munosabati bilan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
Murojaatda tilga olingan xodim 2025-yil 28-avgust kuni Urganch tumanlararo fuqarolik sudi qarori asosida ishiga tiklangan. Mazkur sud qarori ijrosi to‘liq ta’minlangan bo‘lib, xodim hozirgi kunda o‘zining belgilangan mehnat vazifalarini odatdagi tartibda davom ettirmoqda.
Shu bilan birga, xodim tomonidan ta’kidlanganidek, boshqarma rahbariyati tomonidan:
· bosim o‘tkazish,
· ruhiy tazyiq ko‘rsatish,
· noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatishga urinish,
· xizmat faoliyatiga sun’iy to‘sqinlik qilish
kabi holatlar amaldagi xizmat tekshiruvlari davomida tasdiqlanmagan.
Xodimning mehnat huquqlari va xizmat faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa normativ hujjatlar asosida qat’iy himoya qilinadi.
Shuningdek, murojaatda keltirilgan boshqa xodimlarga doir sud qarorlari har bir holat bo‘yicha sud organlari tomonidan mustaqil tartibda ko‘rib chiqilgan bo‘lib, mazkur qarorlar bo‘yicha zarur ijro harakatlari qonunchilikka muvofiq amalga oshirilgan. Bu holatlar boshqarma rahbari tomonidan xodimga bosim ko‘rsatilayotganini anglatmaydi.
Hozirgi kunda boshqarma jamoasida xizmat intizomi, mehnat sharoitlari va xodimlarning huquqiy kafolatlari bo‘yicha qonunchilik talablariga to‘liq rioya etilmoqda. Murojaat muallifiga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar mavjud emasligi aniqlangan.
Fuqarolarni asossiz ma’lumotlardan tiyilish va aniqlashtirilmagan axborotlarni tarqatmaslikka chaqiramiz. Har bir murojaat qonunda belgilangan tartibda o‘rganilib, xolis huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.