Саҳифа манзили: 

Танланган матн: 

Xabar

Yangiliklar

Mehnat kodeksidagi muhim o‘zgarish: ish vaqtidan tashqari mehnat endi xodim foydasiga

error

2025-12-24

Mehnat kodeksidagi muhim o‘zgarish: ish vaqtidan tashqari mehnat endi xodim foydasiga

2025-yil 11-noyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ–1095-son Qonuni mehnat munosabatlarida muhim yangiliklarni belgilab berdi. Qonunning 4-moddasi orqali Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlar bevosita oddiy xodim manfaatini himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Mazkur o‘zgarishlar, avvalo, ish vaqtidan tashqari mehnat masalasiga aniqlik kiritib, yillar davomida bahsli bo‘lib kelgan holatlarga barham beradi.

Avval qanday edi?

Ilgari Mehnat kodeksining 190-moddasida ish vaqtidan tashqari ishlar yiliga 120 soatdan oshmasligi belgilangan edi. Amaliyotda esa bu me’yor ko‘pincha xodim foydasiga emas, balki ish beruvchi manfaatiga xizmat qilardi. Xodim ko‘proq ishlagan bo‘lsa ham, bu holat har doim ham ochiq va adolatli hisob-kitob qilinmas edi.

Shuningdek, ish vaqtidan tashqari mehnat uchun haq to‘lash masalasida ham aniq va qat’iy stavkalar har doim ham bir xil qo‘llanilmasdi.

Endi nima o‘zgardi?

Qonunning 4-moddasi bilan ikki muhim o‘zgarish amalga oshirildi.

Birinchidan, Mehnat kodeksining 190-moddasidan “yiliga bir yuz yigirma soatdan” degan cheklov olib tashlandi. Bu degani, ish vaqtidan tashqari mehnat endi quruq raqam bilan emas, balki xodim roziligi, sog‘lig‘i va qonuniy kafolatlar asosida tartibga solinadi. Eng muhimi, xodim majburiy ravishda ishlashga majburlanmaydi.

Ikkinchidan, 262-modda yangi tahrirda belgilandi va ish vaqtidan tashqari mehnat uchun kamida to‘lanishi shart bo‘lgan aniq miqdorlar qat’iy ko‘rsatildi:

  • bir kundagi dastlabki ikki soat uchun — kamida bir yarim baravar,

  • ikki soatdan ortiq qismi uchun — kamida ikki baravar,

  • mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda esa — har bir soati uchun kamida ikki baravar haq to‘lanadi.

Bu “istasa to‘laydi, istamasa yo‘q” degan yondashuvga chek qo‘yadi.

Bu o‘zgarishlar xalq uchun nima beradi?

Eng avvalo, oddiy xodim uchun mehnat adolati ta’minlanadi. Endi ish vaqtidan tashqari ishlagan fuqaro o‘z mehnatining haqiqiy qiymatini his qiladi.

Ikkinchidan, ish beruvchilar ish jarayonini yanada puxta rejalashtirishga majbur bo‘ladi. Chunki ortiqcha ish endi arzon kuch emas, balki qo‘shimcha xarajat degani.

Uchinchidan, noqulay va og‘ir sharoitda ishlayotgan xodimlar uchun qo‘shimcha himoya yaratiladi. Bu sog‘liq, xavfsizlik va inson qadr-qimmatiga bo‘lgan munosabatni kuchaytiradi.

Eng muhimi, ushbu o‘zgarishlar orqali davlat “inson manfaatlari – hamma narsadan ustun” degan tamoyilga yana bir bor sodiqligini ko‘rsatmoqda.

Xulosa

Mehnat kodeksiga kiritilgan mazkur o‘zgartishlar qog‘ozdagi norma bo‘lib qolmasdan, amaliyotda ham xodim foydasiga ishlashi ko‘zda tutilgan. Bu qonun ish vaqtidan tashqari mehnatni tartibga solish orqali mehnat bozorida adolat, shaffoflik va mas’uliyatni kuchaytiradi.

Axborot xizmati sifatida mazkur o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish va ularning amalda to‘liq ijrosini ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.

Shahzod SAPARBOYEV
Xorazm viloyati Kambagallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi Axborot xizmati rahbari