Саҳифа манзили: 

Танланган матн: 

Хабар

Янгиликлар

QULAY SHAROIT, YAXSHI MAOSH, MEHNATIGA ROZI INSONLAR….

error

2022-07-20

Xiva shahridagi “Angariq” mahallasida ilgari foydalanilmay turgan eski bino bugun zamonaviy uslubda qad ko’tarib, butkul o’zgacha ko’rinish kasb etdi. Boisi, bu yerda “Xiva Gilam Kombinati” MCHJ tomonidan 2020-yilning sentabr oyida “Xiva Gilam Kombinati” MCHJ tashkil etildi. Bu loyihani tashkil etish uchun 21,5 mln evro mablag’ sarflandi va korxonaga Germaniya, Belgiya, Avstriya, Shveysariya, Italiya, Fransiya va Turkiyadan energiya tejovchi uskunalar keltirib o‘rnatildi.


Kiritilgan investitsiya natijasida korxonada 426 ta ishchi oʼrni yaratilgan. Ishchi-xodimlarning aksariyati xotin-qizlarni tashkil qiladi. Ish boshlagan paytda birinchi navbatda uyda ishsiz oʼtirgan, “Аyollar daftari” va “Yoshlar daftari”da roʼyxatda turgan ayollar ish bilan ta’minlanadilar. Ular uchun mehnat va ish sharoitlari koʼngildagidek yaratib berilgan.


Shu yerda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bilan suhbatlashar ekanmiz, ularning ko’zidan shukronalik va baxtiyorlik tuyg’usini sezish qiyin emas edi. Biz buning sababini so’radik:

  • “Har kuni 3 mahaldan 8 soatlik ish tashkil qilingan. Shu vaqtning ichida ovqatlanish, kiyinish ham bor. Bizlarga  bepul 3 mahal issiq ovqat, ishga qatnashimiz uchun transport va maxsus ust-bosh berilgan. Oylik maoshim ham  3 mln so’mga yaqin. Har kuni shukr qilib aytaman, mehnatimdan mingdan-ming  roziman!”- deydi Zulhumor opa so’zida davom etar ekan, -“Oldin o’zim “Ayollar daftari”da turganman. Qo’limda na hunarim va na diplomim bor. Ish so’rab bir necha bor murojaat qilganman. O’sha paytlari mana shunday sharoitlarda, shunday chiroyli joylarda ishlash hayolimga ham kelmagan. Eslasam, shu kunimga shukr qilishdan to’xtamayman.”


Darhaqiqat, biz ish boshqaruvchi bilan suhbatlashganimizda ishchilarning oylik maoshi eng kami 2 mln so’mdan boshlanib, 5 mlngacha ekanini tasdiqladi. Shuningdek, ular o’rtasida ishchilar mehnatining xavfsiz va sog’lom sharoitini yaratish, baxtsiz hodisalar hamda kasbiy kasalliklarning oldini olish, ishchi va xizmatchilarni  maxsus kiyim va boshqa individual himoya vositalari bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilganini ta’kidlab o’tdi.


Umumiy yer maydoni 11,8 gektarni tashkil qiladigan ushbu korxonada yana qoʼshimcha ishchi oʼrinlarini yaratish, ishlab chiqarish quvvati, hajmi va mahsulotlar turini koʼpaytirish ustida ishlar olib borilmoqda.

Bu yerdagi gilamlar AQSh, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikistonga eksport qilinmoqda. Ma’lumotlarga ko’ra, bizning gilamlarga Yevropada ham talab yuqori bo’lib, sekin-asta Yevropa davlatlari bilan ham gilam yetkazib berish bo’yicha kelishuvlar amalga oshirilmoqda. Natijada eksport hajmi oshadi va yangi ish o’rinlari soni yanada ko’payadi. Biz esa ushbu “Xiva Gilam Kombinati” MCHJ ning kelgusi faoliyatida muvofaqqiyatlar tilaymiz!

Mavjuda Sobirboyeva

jurnalist