Янгиликлар
Янгиликлар
2022-08-11
Bugungi kunda hududlarda tashkil etilgan eng zamonaviy uskunalar va jihozlar bilan ta’minlangan monomarkazlar ko`plagan yurtdoshlarimizni kasb-hunarga o`rgatish asosida ish bilan ta’minlanishiga, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga ko’maklashmoqda.
Soʻzimiz isboti, Urganch shahar “Ishga marhamat” monomarkazida ta’lim olib, hozirda mustaqil ravishda ish boshlagan fuqarolar bilan muloqot o’tkazdik:
Manzura Jumaniyozova 35 yosh, Urganch shahri, “Sofiya” kelin liboslari do’koni egasi, malakali sartarosh:
— Men bundan bir yil oldin “Ayollar daftari” da ro’yxatda turardim. Ishsizligimning asosiy sababi, qo’limda biron bir hunar yo’qligi edi. Chunki har bir sohada ish boshlash uchun albatta, malaka va tajriba kerak. Soch turmaklari va kelin liboslariga qiziqishim bo’lgani uchun bironta “Go’zallik saloni» bo’lsa ishlamoqchiman, deb mahalla fuqarolar yig’iniga murojaat qilib chiqdim. Ular menga dastlab kasb-hunar o’rganishim lozimligini aytib, Urganch shahrida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazini tavsiya qilishdi. Aholi bandikka ko’maklashish markazi tomonidan yo’llanma asosida “Ayollar sartaroshi” yo’nalishida 3 oylik o`quv kursida o’qidim.
Bu yerda turli tanlov va festivallar o`tkazildi. Ishtirok etish barobarida ancha charxlandik, diplom va sertifikatlar sohibi bo’ldik. Hozirda imtiyozli kredit asosida shahar markazida o’zimning «Sofiya» kelin liboslari do’konimni ochganman. Bu yerda nafaqat liboslar balki, pardoz va soch turmaklari asosida kelin obrazini yaratamiz. Bir nechta shogirdlarim ham bor. Asosiysi, hayotimdan mamnunman!
Malika Vafoyeva, 33 yosh, Urganch shahri, yosh bolalar uqalovchisi, “Yil ayoli” tanlovi g’olibasi:
-Hayotda eng ko’p ezilgan va qiyinchiliklarni boshidan kechirgan ayollardan biri men bo’lsam kerak deb o’ylab qolaman. Boisi, bir nafar farzandim bilan turmush o`rtog’imning vafotidan keyin uysiz, ishsiz, ilojsiz qolganman. Oldin uy bekasi bo’lganim uchun menga ishlashning hojati yo’q, kasb-hunarga ham ehtiyojim yo’q deb o’ylardim. Lekin bu hayot, oldinda nimalar kutib turganini hech kim bilmas ekan. Onamni uyiga kelib yashay boshladim. Bir necha yil uyda qolib ketdim. Bu holatimni ko’rgan mahalla xotin-qizlar raisi men bilan suhbat o’tkazib, nimalarga qiziqishimni so’radi. So’z orasida monomarkazda bepul o`qish borligini aytib qoldi. “Ayollar daftari”da ro’yxatga olinganlar uchun bepul kasb-hunar o’rgatilayotgan ekan. Avvaliga qo`rqdim. Qo’lidan ovqat pishirishdan boshqa hech narsa kelmaydigan ayol bo’lsam, kasb o’rganish men uchun mashaqqatli jarayon edi. Lekin o’zimdagi qo’rquvni yengib, monomarkazga bordim. Bu yerdagi sharoitlar va muhitni ko’rib beixtiyor quvondim. Farzandimni doim o’zim uyda parvarishlab, mashq qildirardim. Shu boisdan, “Yosh bolalar uqalovchisi” yo’nalishida o’qishni boshladim.
O’qib yurgan davrlarimdanoq, o’rganganlarimni mustahkamlash uchun mahalladagi nogiron bolalarni, yosh chaqlaoqlarni oʻzim borib massaj qilib yurdim. Bu ishtiyoqimni ko`rib, mahalladagilar meni “Yil ayoli” ko’rik-tanlovida ishtirok etishimni tavsiya etishdi. Tanlov bir necha bosqichda o’tkazildi. Hali o’qib yurganimga qaramasdan “Yil ayoli” tanlovi g’olibasi bo’ldim. Hozirda xususiy bolalar shifoxonlaridan ishlash takliflari kelyapti. Lekin menda yangi g’oyalar bor. O’zimizda ishlab chiqarilayotgan bir necha xil uqalashda ishlatadigan massaj mahsulotlarini yetkazib berish bo’yicha o’z xizmat ko’rsatish turini tashkil etmoqdaman. O’zimga bo’lgan ishonchimni, shijoatimni ko’rsangiz, meni oldingi Malika deb o’ylamaysiz.
Tojiboyeva Manzura, 38 yosh, Urganch shahri, dizayner:
-Bolalagimdan uyda buvimlardan koʻrpa-yostiqlarga jild solishni oʻrganib katta boʼlganman. Bunga qoʻshimcha tarzda turli mato qiyqimlaridan narsalar tikardim. Yoshim ulgʻayib, turmushga chiqdim, farzandli boʻldim, uy-joy qildim. Lekin yangi xonadon boʻlgani uchun birinchi ishimni oʻz uyimga oʻzim parda tikishdan boshladim. Buning uchun monomarkazning «Zamonaviy pardachilik» yoʻnalishiga hujjat topshirdim. Taʼlim ustasi bilan birgalikda turli koʻrinishdagi zamonaviy pardalarni tika boshladik. Tez orada biz kabi yangi koʻchib kelgan qoʻshnilarim ham parda tikishimni eshitib mendan yordam soʻrashni boshlashdi.
Keyin oʻylab qarasam bu soha ancha daromadli ekan. Mahallamizga yangi kelgan hokim yordamchisiga subsidya olishimga yordam berishini soʻrab murojaat qildim. U barcha xat-hujjatlarni qilish va olib berishga koʻmaklashishini aytdi. Men shu orada oʻzimni ustaxonam uchun qulay joy izlay boshladim. Mahalla markazidan ajoyib tikuvxona uchun oʻrin topdim. Shu orada subsidyam ham chiqdi va imtiyozli kredit oldim. Bunga 5 ta tikuv mashinasi harid qildim. Qolganini xom-ashyo uchun sarfladim. Eʼlon tarqatdim, reklama uchun banner ildim. Koʻribsizki, uch oy ichida barchasiga ulgurdim.
Bugun men uchun ajoyib kun. Sababi, «Zamonaviy parda tikuvchisi va dizayner» sertifikatini oldim. Bugundan ishni boshlayman. Nafaqat, pardachilik, balki, yostiq, koʻrpa jildlari, choynak, non yopgichlar, kelin sarpolari tikishni oʻylayapman. Yonimga men bilan oʻqigan hamkasblarimni ishga oldim. Menga yordam bergan barchaga rahmat aytaman, bugungi kunimdan behad mamnunman.
Guvohi bo’lganingizdek, ishsiz xotin-qizlar ro’yxati asosida shakllangan “Ayollar daftari”dagi hamyurtlarimiz Yurtboshimiz tashabbusi bilan yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda kasb-hunar egallab, ish bilan ta’minlanishmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir oʻzgarish va islohotlar samarasi bilan ushbu ayollarning jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlishi ham aslida «Inson qadri uchun» ekanligining yorqin misolidir.
Mavjuda Sobirboyeva
Jurnalist.